Ethereum tranzaksiya to‘lovlari 70% ga tushdi – oxirgi marta bunday arzonlik 2020-yilda kuzatilgan
#ethereum
3 daqiqa
20/02/25, 10:43

Foto: The Block
Ethereum tarmog‘idagi tranzaksiya to‘lovlarining 7 kunlik o‘rtacha qiymati (7DMA) 15-fevral kuni $0.77 gacha tushdi. Bir hafta avval ushbu ko‘rsatkich $2.57 edi, ya’ni atigi bir hafta ichida to‘lovlar 70% ga kamaydi.
Bu pasayish Ethereum tranzaksiya xarajatlarini so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng past darajaga olib keldi. Oxirgi marta Ethereum’da bunday arzon tranzaksiya qilish imkoniyati 2020-yilning iyul oyida kuzatilgan edi. Shu bilan birga, Bitcoin tarmog‘idagi faollik ham sezilarli darajada tushib, tranzaksiyalar soni o‘zining eng yuqori nuqtasidan 55% ga kamaydi.
Ethereum tarmog‘idagi o‘rtacha gas narxi ham ushbu tendensiyani tasdiqlaydi. So‘nggi hafta davomida median gas narxi kuniga o‘rtacha 1.61 GWEI ni tashkil etdi, eng past ko‘rsatkich esa 15-fevral, shanba kuni 1.19 GWEI bo‘ldi. Bu 2020-yil yanvaridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, shu paytgacha faqat 2024-yil sentabrida bunday past daraja kuzatilgan.
To‘lovlarning pasayishi odatda foydalanuvchi faolligini oshirishiga sabab bo‘lsa-da, bu holat Ethereum tarmog‘iga bo‘lgan talabning umumiy pasayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tarmoqdagi tranzaksiya hajmi ham sezilarli darajada kamaygan. 15-fevral kuni Ethereum onchain hajmi atigi $4.19 milliardni tashkil etdi, bu bir hafta avvalgi ko‘rsatkichdan 46% past. Bu esa Ethereum uchun 7-noyabrdan beri (AQSh prezidentlik saylovlaridan so‘ng) eng past daraja hisoblanadi.
So‘nggi haftalarda Ethereum bilan bog‘liq muammolar tez-tez tilga olinmoqda. Endi esa tarmoq faolligi yanada tushib borayotgani bozor ishtirokchilarida xavotir uyg‘otmoqda.