O’zbekistonda mayning faoliyatini olib borish tartibi qanday?
Kriptopediya
06/05/24, 10:34
Foto: Fidelity
Mayning-pul faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 3357-sonli buyrug‘i mayning faoliyatini amalga oshirishda tartib-qoidalarini belgilaydi va ushbu agentlik mayning faoliyatini amalga oshirishda vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Mayning faoliyati bu hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrini (blockchain) yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyati hisoblanadi.
O‘zbekistonda mayning Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan majburiy ro‘yxatdan o‘tkaziladi va litsenziyalanadigan faoliyat turiga kirmaydi. Balki ruxsatnoma olish talab qilinadi.
Lekin hozirgacha kripto-birja, kripto-do‘kon yoki kripto-depozetariylar faoliyatini amalga oshirishda bir necha yuridik shaxslar litsenziya olishgan bo‘lsa ham birorta tashkilot mayning-pul faoliyatini amalga oshirishda ruxsatnomaga ega emas.
Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi va iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq to‘lanadi.
Tig‘iz davrda iste’mol qilingan elektr energiya uchun tegishli tariflarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ustamalar qo‘llanilishi mumkin.
Xorijiy va milliy maynerlar bilan munosabatlarni tashkil etish mayning-pulning lokal hujjatlari hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi va ular mayningni amalga oshirishlari uchun majburiy identifikatsiyadan o‘tishadi.
Majburiy identifikatsiyada mayning qilmoqchi bo‘lgan tashkilot mayningni amalga oshirish huquqini beruvchi vakolatli organ tomonidan taqdim etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning nusxasi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR), yuridik shaxsning to‘liq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, yuridik shaxsning joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami, elektron pochta manzili, mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarni chiqarish mo‘ljallanayotgan kripto-aktivning kripto-hamyon manzili kabi ma’lumotlarini agentlikka oshkor qilishi shart.